–Joriy yil 16 may kuni Pedagogik mahorat markazida «Yangi cho‘qqilar – ta’limda izlanish va yaratuvchanlik» mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘z ishini boshladi. Konferensiyada rahbar va pedagog kadrlar malakasini oshirishga ixtisoslashgan institutlar, markazlar, oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, umumta’lim muassasalari rahbarlari va o‘qituvchilari, yosh olimlar, tadqiqotchilar, ta’lim tizimini boshqarish organlari xodimlari, ta’lim sohasida faoliyat yurituvchi xalqaro va xorijiy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Konferensiyaning maqsadi – pedagogik tajriba almashish, zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish va XXI asrda ta’lim jarayonida yangicha yondashuvlarni muhokama qilishdan iborat. Unda o‘qituvchilarning kasbiy tayyorgarlik darajasi, kasbiy kompetentligi va pedagogik mahoratini muntazam rivojlantirib borish kabi masalalarni har tomonlama chuqur tahlil qilish nazarda tutilgan. Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi direktori o‘rinbosari B.Iztilevov, A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutining Pedagogik innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Sh.Rajabov, Nukus shahar Prezident maktabi o‘qituvchilari Celo Velonkosini Zulu va Abdul Basit Abro va boshqalar so‘zga chiqib, o‘tkazilayotgan tadbirning ahamiyatiga keng to‘xtalib o‘tdi. Konferensiyada ishtirokchilar seksiyalarga bo‘linib, unda pedagogik mahorat – ta’lim sifatini oshirishning muhim omili, aniq va tabiiy fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarning pedagogik mahoratini rivojlantirish muammolari, XXI asr sharoitida filologiya fanlarini o‘qitish masalalari, ijtimoiy fanlarni o‘qitishda pedagogik innovatsiyalar va ijodkorlik, boshlang‘ich ta’limda o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirishda xalqaro tajribalarni ommalashtirish, uzluksiz kasbiy rivojlantirish jarayonida pedagogik-psixologik yondashuvlar bo‘yicha masalalarni muhokama qilib, o‘z ishini davom ettirdi. 













