Pedagogik mahorat markazida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini oshirish, xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish faoliyatini yanada rivojlantirish maqsadida ochiq muloqot tashkil etildi.
Yig‘ilishni Akademik faoliyat bo‘yicha direktor o‘rinbosari A.B. Qaypnazarov ochib berdi va olib bordi.
Markazda jami 146,5 nafar xodim faoliyat yuritib, ulardan 51 nafari professor-o‘qituvchilardir. Ilmiy darajaga ega professor-o‘qituvchilar ulushi 35,2 foizni tashkil etadi. Jumladan, markazda 1 nafar professor, 2 nafar dotsent hamda 15 nafar ilmiy darajaga ega pedagoglar faoliyat olib bormoqda.
Professor-o‘qituvchilarning ilmiy faoliyati natijasida: xorijiy ilmiy jurnallarda 36 ta ilmiy maqola, OAK tomonidan e’tirof etilgan jurnallarda 22 ta maqola, xalqaro ilmiy konferensiyalarda 22 ta, respublika miqyosidagi ilmiy konferensiyalarda 61 ta tezis va maqolalar chop etilgan.
Mazkur ko‘rsatkichlar professor-o‘qituvchilarning xalqaro ilmiy maydondagi faolligi oshib borayotganidan dalolat beradi. Shuningdek, markazda 12 nafar mustaqil tadqiqotchi ilmiy-tadqiqot ishlari bilan shug‘ullanib, ulardan 2 nafari DSc, 10 nafari PhD ilmiy darajasiga ega. Bu holat ilmiy maktablar va ilmiy loyihalarni rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
Amalga oshirilgan ishlar doirasida: xalqaro nufuzli ilmiy jurnallarda maqola tayyorlash bo‘yicha metodik ko‘maklar, ilmiy maqolalarning sifatini oshirishga qaratilgan tahririy va ekspert maslahatlari, yosh tadqiqotchilar va professor-o‘qituvchilar uchun ilmiy loyiha va grantlar bo‘yicha yo‘naltiruvchi treninglar, xalqaro ilmiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tashkiliy tadbirlar amalga oshirildi. Natijada, markazning asosiy shtat bo‘yicha ilmiy salohiyati 30,7 foizni tashkil etib, ilmiy faoliyat ko‘rsatkichlari izchil oshib bormoqda.










