Pedagogik mahorat markazida «Raqamli dunyo pedagoglari» mavzusida kecha o‘tkazildi. Tadbir zamonaviy raqamli ta’lim muhitida pedagoglarning kasbiy kompetensiyalarini rivojlantirish, innovatsion texnologiyalarni ta’lim jarayoniga samarali integratsiyalash va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishga qaratildi.
Kechani Markazning Akademik faoliyatni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i M.Uteniyazov kirish so‘zi bilan ochib berdi va tadbirning muhimligini alohida ta’kidladi.
Shundan so‘ng «Aniq va tabiiy fanlar metodikasi» kafedrasi mudiri Q.Turmanov seminarning maqsad va vazifalari haqida ma’ruza qildi.
Tadbir doirasida «Raqamli salomnoma,» «Raqamli popuri» va qo‘shiq ijrosi ishtirokchilarga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi. «Raqamli dunyo: Ustozlar missiyasi» mavzusidagi nutq esa pedagoglarning raqamli transformatsiya jarayonidagi o‘rni va mas’uliyatini yoritib berdi.
Seminar yakunida «O‘qituvchi viktorinasi: Raqamli dunyo imtihoni» mavzusida savol-javob musobaqasi tashkil etilib, ishtirokchilarning bilim va ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazildi.




