Pedagogik mahorat markazida ta’lim sifatini oshirish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘quv jarayoniga joriy etish maqsadida xalqaro mutaxassis Albert De La Peña ishtirokida malaka oshirish kurslari doirasida “Til va tarixni o‘rgatishda o‘yinni o‘zgartiruvchilar” mavzusida trening tashkil etildi.
Mazkur malaka oshirish darsinda o‘qituvchilar turli mazmunli, o‘quvchilarga yo‘naltirilgan sinf o‘yinlari bilan tanishtirildi. Trening jarayonida ishtirokchilar nafaqat samarali pedagogik strategiyalar haqida ma’lumotga ega bo‘ldilar, balki Kaboom, “Ot poygasi”, “Konvert poygasi” kabi interfaol o‘yinlarni amaliy tarzda sinab ko‘rish imkoniyatiga ham ega bo‘ldilar.
Trening davomida puxta ishlab chiqilgan o‘yinlar o‘quvchilarning dars jarayonidagi faolligini sezilarli darajada oshirishi, o‘quv materialini eslab qolishni yaxshilashi hamda tezkor shakllantiruvchi baholashning samarali vositasi bo‘lib xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, o‘qituvchilar o‘z darslarini yanada dinamik, interfaol va o‘quvchilarga yo‘naltirilgan tarzda tashkil etish uchun mazkur o‘yinlarni o‘quv jarayoniga integratsiya qilishning amaliy usullari bilan tanishdilar.




