Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mobil malaka oshirish xizmatlari asosida tashkil etilgan avtobus Qoraqalpog’iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi uchun ham ajratilib, ushbu mobil malaka oshirish xizmatlari respublikamizning olis va chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari uchun o‘z ishini boshlab yubordi.
Mobil malaka oshirish xizmatlari auditoriya ko‘rinishidagi qayta jihozlangan avtobus asosida tashkil etilgan bo‘lib, ushbu avtobus bir vaqtning o‘zida 14 nafar pedagogga dars o‘tish uchun o‘quv joylari, 10 NR rusumli noutbuk, 1 dona 65 dyuymli interaktiv monitor, yozuv doskasi, 1 ta internet tarqatuvchi qurilma WI FI router bilan qayta jihozlangan.
Bu avtobusdan olis va chekka hududlarda yashovchi davlat va xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini ko‘rsatish, ya’ni uzluksiz kasbiy rivojlantirish («metodik mahorat kuni» va «metodik mahorat darsi») tadbirlarini tegishli hududlarga borgan holda o‘tkazish, trening, seminar va boshqa tadbirlarni tashkil etish maqsadida foydalaniladi.
Bugun ushbu maxsus avtobus Nukus shahridagi shaharga uzoq Qoratov MFY hududida joylashgan 44-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga borib, bu erdagi pedagoglarga o‘zlari yashaydigan va ishlaydigan joylaridan uzoqlashmagan holda uzluksiz kasbiy rivojlanishi, bilimlarini yangilashi uchun imkoniyat yaratildi.
Bu erda tajriba-sinov tariqasida Maktabgacha boshlang’ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi o‘qituvchilari tomonidan tashkilotning pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish kursi tashkil etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrdagi «Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida»gi farmoni hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining joriy yil 19 fevraldagi maxsus buyrug’i ijrosini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturi ishlab chiqilgan. O‘quv dasturida turli mavzular o‘rin olgan bo‘lib, masalan, «Go‘zal bahor» mavzusida, erta yoshdan bolalarning rasm chizishi, rasm chizishda qo‘llaniladigan usul va texnologiyalar haqida tushuncha berish, «Mavsumiy o‘zgarishlar» mavzusida sohalar asosida maqsadlarni belgilash, mavzudagi maqsadlarni amalga oshirish usullari, texnologiyalari, ta’lim faoliyatida foydalaniladigan ko‘rgazmali va tarqatma vositalar, «Xalq manbalari» mavzusida bolalarni milliy qadriyatlar, an’analar asosida rivojlantirishning samarali usullarini o‘rgatish va boshqa shu kabi dolzarb vazifalar belgilangan.