Ayni kunlarda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan “Yil o‘qituvchisi” tanlovining ikkinchi bosqichi bo‘lib o‘tti. Tanlov doirasida nomzodlar o‘z fani bo‘yicha dars o‘tishadi. Hakamlar va hamkasblar darslarni o‘tish, o‘quvchilar bilan ishlash hamda ularni darsga qiziqtirish mahoratini baholaydilar. Eng yuqori natijalarni ko‘rsatgan pedagoglar keyingi, ya’ni uchinchi bosqichga tavsiya etiladi.
Tanlov tartibi va baholash tizimi: Tanlov 3 bosqichdan iborat. Har bir tuman (shahar)dan g‘olib bo‘lgan o‘qituvchi qariyb 600 mln so‘m mukofotga ega bo‘ladi. Ikkinchi bosqich sinovlari hakamlar tomonidan 60 ballik tizim, shuningdek, nomzod istiqomat qiluvchi tuman (shahar)dagi pedagoglar tomonidan 40 ballik tizim asosida baholanadi.
Darslar 45 daqiqalik uzluksiz, to‘liq va montajsiz videokameraga yozib olinib, pedagog.uzedu.uz platformasiga joylanadi. Ovoz berish ham shu platforma orqali amalga oshiriladi. Ikkinchi bosqich yakunlari: Har bir tuman (shahar)dan eng yuqori ball to‘plagan 2 nafar nomzod uchinchi bosqichga tavsiya etiladi.







