Click to listen highlighted text!

DOIM O‘QITUVCHI AYBDOR…

27.04.2023 11:41:36 100 Баспаға шығарыў

 

 Oxirgi paytlarda “Ta’lim sifati past, bolalar bilimsiz”, degan gapni aytish “urf” bo‘lgan. Go‘yoki barchasi uchun o‘qituvchi, yoki ta’lim dargohi aybdordek… O‘zbekistondagi maktablarning reytingi, asosan, o‘quvchilarning OTMlarga kirish ko‘rsatkichi va olimpiadalardagi o‘rni bilan baholanadi. Agar qaysidir maktabda kirish ko‘rsatkichi kam bo‘lsa, o‘sha maktabda o‘qitish sifati past deya hisoblanadi. Lekin aytish kerakki, OTMlarga kirgan ushbu o‘quvchilarning deyarli 90% dan ortig‘i repetitorga borib tayyorlangan bo‘ladi. Bundan ikki xulosaga kelish mumkin: yo maktabda ta’lim sifati juda past, yoki o‘quvchilar maktabda o‘qishni istamayapti.

    Kuzatuvlarim va bir qancha maktab o‘qituvchilari bilan suhbatimdan keyin angladimki, ta’lim sifatidagi kamchiliklar sababi maktabda, yoki o‘qituvchida emas, asosan, bizdagi tizimda. Ta’lim mutasaddilarining balandparvoz gaplari qayda-yu, maktab ichidagi sharoit va imkoniyatlar qayda? Birinchi navbatda o‘quv darsliklarining sifati yomonligi, “Biz darsliklarni jahon ta’lim tizimi standartlariga ko‘ra yozdik”, deya videomurojaatlar qilib chiqish oson, lekin undagi ma’lumotlarning qanchasi o‘quvchi uchun kerak, qanchasi kerak emasligi, ma’lumotlar o‘quvchi uchun oson, yoki qiyinligini o‘ylab ko‘rish esa ular uchun qiyin, nazarimda.

     Agar o‘quvchilar bilan qandaydir muammolar bo‘lsa, faqat o‘qituvchi aybdor, hech qachon ayb o‘quvchi, yoki uning ota-onasida bo‘lmagan. Masalan, qaysidir maktabda o‘quvchi-qizlarning yomon yo‘lga kirib qolish holatlari bo‘lsa, ko‘p hollarda maktab ma’muriyatiga chora ko‘riladi, lekin uning ota-onasiga emas. Axir bir kunda 24 soat bor bo‘lsa, bolaning shundan atigi 5-6 soati maktabda o‘tadi. Qolgan 17-18 soati esa ota-ona nazoratida. O‘ylab ko‘ring, shunda ham o‘qituvchi aybdormi? O‘zi o‘qituvchi maktabda dars bersinmi, yoki har bir o‘quvchini kuzatib yursinmi? Aslida o‘qituvchi bilim berishi kerak, nazorat va tarbiya ota-ona qo‘lida.

     Ayni kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda birin-ketin o‘qituvchi va o‘quvchi mojarolari aks etgan videolavhalarga tez-tez ko‘zimiz tushadi. Va doim aybdor sifatida o‘qituvchi qoralanadi, hatto ayb kimda ekanligi noma’lum bo‘lsa ham. Nima emish, o‘qituvchi ilmli shaxs va unda o‘quvchi bilan ishlash tajribasi bo‘lishi kerak va pedagogik bilimi bo‘lmagan kishigina o‘quvchini jazolaydi(qo‘l ko‘taradi). Ochig‘ini aytganda, chetdan turib nisbiy fikr bildirish oson, lekin bunday vaziyatda qanday yo‘l tutishni aynan tizimning ichida bo‘lganlargina tushunadi. Shu kabi “aqlli” fikr bildiradiganlarga savol bergim keladi, faxriy yorliq bermagani uchun direktorning yuziga suv sepilsa, yomon baho qo‘ygani uchun o‘quvchining akalari maktab binosida kaltaklasa, uyga vazifasini so‘ragani uchun bolasi tengi o‘quvchidan kurakda turmaydigan so‘kish eshitsa, darsda jim o‘tirishini aytgani uchun o‘quvchisidan musht yeb ko‘zoynagini sindirib olsa, o‘qituvchi bu kabi vazyatda qanday yo‘l tutishi kerak? Shunda ham o‘quvchiga rahmatlar aytib, yuzidan o‘pib qo‘yishi kerakmi, yoki ota-onasiga tashakkurnoma yo‘llasinmi? Aslida bu kabi misollarni sanasangiz hali ancha davom etadi, lekin maktab ta’limidan chetda turib fikr bildiradiganlar uchun, albatta, yana o‘qituvchi aybdor.

     O‘zim ishlaydigan maktabdan misol keltiraman, yaqinda 10-sinf o‘quvchisi qariyb otasi tengi o‘qituvchiga qo‘l ko‘targan. Shu vaziyatda ham haligi ustoz o‘quvchiga qo‘l tekkizmagan, bu uning qo‘rqqanidan, yoki boshqa sababdan emas, bir nomardni deb oilasini boqib turgan ishi va oyligidan ayrilib qolishini o‘ylagan. Chunki bizdagi tizim shunday, darrov o‘qituvchini ishdan oladi-qo‘yadi. Betarbiya o‘quvchi bilan esa mutasaddilarning ishi yo‘q. Ushbu holat ham ijtimoiy tarmoqda tarqalishi mumkin edi, shunda ham o‘qituvchi aybdor hisoblanardi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan shu kabi videolarning asosiy aybdorlari o‘quvchilar, nazarimda. Bu fikrga maktabda ishlaganim uchun emas, aksincha, bolalarning bugungi kundagi tarbiyasini ko‘rganim uchun keldim. Chunki kim har dars vazifalarini vaqtida qilib keladigan, tarbiyali va o‘qituvchini hurmat qiladigan o‘quvchini jazolaydi? Albatta, hech kim! Bu borada hammada fikr har xil, har kim o‘z qarashi va nazari bilan baho beradi.

     Bir o‘qituvchi bu haqida shunday fikr bildirdi: “O‘quvchilarni maktabga berishdimi, hammasini o‘qituvchining o‘ziga qo‘yib berishsin. Bolani ursa ham, so‘ksa ham yomon bo‘lsin demaydi, faqat ilm olishini, maktabga keldimi, nimadir o‘rganib ketishini istaydi. Axir o‘tmishda ham shunday bo‘lgan-ku”. Menimcha ham bu asosli fikr, chunki ishiga hali u aralashsa, hali bu aralashsa o‘qituvchi qachon dars o‘tadi? Yana “Ta’lim sifati past”, deymiz og‘iz to‘ldirib. Go‘yoki rivojlanishi uchun imkoniyat yaratib qo‘ygandek. Yana bir o‘qituvchi esa shunday deydi: “Bizga nisbatan talablar juda ko‘p, o‘quvchi OTMga kirmasa ham biz aybdor, nimadir hodisa yuz bersa ham biz aybdor, hatto o‘quvchilar o‘rtasida darsdan so‘ng urush-janjallar bo‘lib qolsa ham aybdor biz. To‘gri, biz ularni nazorat qilishimiz kerak, lekin har birining ortidan uyigacha borolmaymiz-ku qorovul bo‘lib. Darsni kim o‘tadi, bilimni qachon beramiz, axir jahon ta’lim tizimida ham o‘qituvchi bilim beradi, tarbiya emas. Tizim yaxshilanmas ekan, maktablar yana 5 yildan keyin qanday darajaga borib qolishini tasavvur ham qilolmayman”. Deyarli 90% o‘qituvchilarda shunday fikr…

Behruz XURRAMOV,

Sergeli tumanidagi 351-maktabning ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi, O‘zDJTU talabasi

“Ma’rifat” gazetasining 2023-yil 12-aprel kungi sonida:

Back To Top
Skip to content Click to listen highlighted text!