Click to listen highlighted text!

Qoraqalpog‘istonning umurtqali hayvonot dunyosi mavzusida mahorat darsi o‘tkazildi

19.06.2026 17:32:40 1 Баспаға шығарыў

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida Qoraqalpoq davlat universiteti Biologiya fakulteti dekani, O‘zbekiston Zoologlar jamiyati a’zosi, biologiya fanlari doktori, professor M. Jumanov tomonidan ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari malaka oshirish kursi tinglovchilari uchun “Qoraqalpog‘istonning umurtqali hayvonot dunyosi” mavzusida mahorat darsi tashkil etildi. Mahorat darsi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining geografik xususiyatlari, tabiiy hududlari hamda hayvonot dunyosining xilma-xilligi haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining umumiy maydoni 165,6 ming kvadrat kilometrni tashkil etib, O‘zbekiston hududining 37,3 foizini egallaydi. Respublika uchta asosiy geografik hududdan iborat: Arqa-Botis Qizilqum hududi; Ustyurt platosi; Amudaryoning quyi oqimi hududi. Mashg‘ulot davomida mazkur hududlarning tabiiy sharoiti, relyefi va hayvonot dunyosining shakllanishidagi o‘rni haqida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, hayvonlarning oziqlanish turlari xususida ham so‘z yuritildi. Ularning oziqlanishiga ko‘ra asosiy guruhlarga ajratilishi, biologik xususiyatlari va tabiatdagi ahamiyati haqida tushunchalar berildi. Dars davomida Qoraqalpog‘iston hududidagi muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va ularning biologik xilma-xillikni saqlashdagi o‘rni alohida ta’kidlandi. Jumladan: Quyi Amudaryo davlat biosfera rezervati; “Orolbo‘yi” milliy tabiat bog‘i; “Orolqum” milliy tabiat bog‘i; Janubiy Ustyurt milliy tabiat bog‘i; “Sudoche–Aqpetkey” davlat buyurtma qo‘riqxonasi; “Sayg‘oqchi” kompleks (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasi; Barsakelmas davlat buyurtma qo‘riqxonasi. Tadbirda hayvonot dunyosining biologik xilma-xilligini saqlash, yo‘qolib borayotgan turlarni muhofaza qilish hamda kelajak avlodlarga sog‘lom ekologik muhitni meros qilib qoldirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekani alohida qayd etildi. Mahorat darsi yakunida tinglovchilarga hayvonot dunyosini asrash, tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish hamda yosh avlodning ekologik madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.

Back To Top
Click to listen highlighted text!