Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida korrupsiyaning oldini olish, jamiyatda halollik va shaffoflik tamoyillarini mustahkamlashga bag‘ishlangan “Korrupsiyaning oldini olishda ta’limning roli” mavzusida yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi nazorat bo‘yicha bosh maslahatchisi Ajiniyaz Nurabullaev, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining Nukus shahri yuridik xizmat ko‘rsatish bo‘limi boshlig‘i Tumur Utemuratov, markaz professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilar ishtirok etdi.
Unda korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlarini shakllantirishda ta’lim tizimining o‘rni, yoshlar ongida halollik, vijdonlilik va qonunlarga hurmat kabi qadriyatlarni qaror toptirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Yig‘ilish davomida ta’lim muassasalarida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish hamda sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Shuningdek, ishtirokchilarga korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi qonunchilik hujjatlarining mazmuni, korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish mexanizmlari hamda ta’lim tizimida halollik madaniyatini shakllantirish va keng targ‘ib etish masalalari yuzasidan tushunchalar berildi.
Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish, har bir xodim va pedagogning huquqiy madaniyati hamda mas’uliyatini oshirish, ta’lim muhitida halollik va adolat tamoyillarini yanada mustahkamlash muhim vazifa ekani ta’kidlandi. 













