Savdo-sanoat palatasi Qoraqalpog’iston Respublikasi boshqarmasida korruptsiyaga qarshi kurashish oyligi doirasida vazirlik va idoralar xodimlari ishtirokida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi.
Tadbirda Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Korruptsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig’i B.Matmuratov, shuningdek, sohaga aloqador mutaxassislar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy maqsadi – davlat organlari faoliyatining shaffofligini, ularning jamoatchilik va fuqarolar oldida hisobdorligini ta’minlash, xodimlarga korruptsiyaga qarshi kurashishda murosasiz pozitsiyada bo‘lish, halollikni kasbiy faoliyatning asosiy mezoni sifatida ko‘rish zarurligi, korruptsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlarini amaliyotga joriy etishdan iborat. «Ochiq eshiklar kuni» xodimlar o‘rtasida korruptsiyaga murosasiz munosabatni kuchaytirish, halollik muhitini mustahkamlash va profilaktik tadbirlarni yanada samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Tadbir davomida ishtirokchilarga korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilangan ustuvor yo‘nalishlar, davlat idoralarida halollik standartlarini joriy etish, ichki nazorat mexanizmlarini takomillashtirish va ochiq ma’lumotlar bilan ishlash jarayonlari bo‘yicha soha mutaxassislari tomonidan batafsil ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, O‘zbekiston Respublikasining 2017 yil 3 yanvardagi «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi Qonunida asosiy tushunchalar berilgan bo‘lib, unda korruptsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat darajasidan shaxsiy manfaatlari yoxud boshqa shaxslarning manfaatlari yo‘lida moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi, deb ko‘rsatilgan. Korruptsiyaga oid huquqbuzarlik – korruptsiya belgilari bo‘lgan, qilmishi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish, manfaatlar to‘qnashuvi esa – shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaati uning o‘z mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaat bilan fuqarolar, tashkilotlar, jamiyat yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (mumkin bo‘lgan manfaatlar to‘qnashuvi) holat, deb ta’riflangan.
O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 5 iyundagi «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g’risida»gi Qonuni Qonunchilik palatasi tomonidan 2022 yil 25 oktyabrda qabul qilingan, Senat tomonidan 2023 yil 1 iyunda ma’qullangan. Ushbu Qonunning maqsadi manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog’liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Ushbu Qonunning amal qilishi davlat organlariga va mahalliy davlat hokimiyati organlariga, davlat muassasalariga, davlat unitar korxonalariga, davlat maqsadli jamg’armalariga, shuningdek ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz miqdorda va undan ortiq bo‘lgan aktsiyadorlik jamiyatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 apreldagi «Korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g’risida»gi farmoni hamda korruptsiyaning oldini olishga doir qabul qilingan boshqa qonun hujjatlari to‘g’risida ham ma’lumotlar berildi.
Ta’kidlanganidek, mazkur farmon bilan Korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha Milliy kengashning 2025 yil 5 martda o‘tkazilgan kengaytirilgan yig’ilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxati va amaliy chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan. Vazirlik va idoralar rahbarlari zimmasiga ushbu farmon va unga ilovalarda belgilangan vazifalarning sifatli, o‘z vaqtida va so‘zsiz bajarilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklatildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga mutasaddilar tomonidan javoblar oldi.





