Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi a’lochisi, “Shuhrat” medali sohibasi Biybisara Atamuratovna Arzimbetovaning 75 yoshga to‘lishi munosabati bilan “Aziz ustoz – 75 yoshda!” nomli tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni markaz direktori G. Ko‘jaboyeva ochib berib, yubiley egasini qutlug‘ sana bilan samimiy muborakbod etdi hamda markaz jamoasi nomidan tayyorlangan esdalik sovg‘alarini topshirdi.
Tadbir davomida Aniq va tabiiy fanlar metodikasi kafedrasi mudiri, dotsent Q. Turmanov hamda professor Marat Utepbergenov so‘zga chiqib, Biybisara Atamuratovna Arzimbetovaning ta’lim tizimiga qo‘shgan salmoqli hissasi, ko‘p yillik samarali mehnati va fidokorona faoliyatini alohida ta’kidladilar. Biybisara Atamuratovna Arzimbetova 1951-yilda Taxtako‘pir tumanida tug‘ilgan. 1974-yilda T.G.Shevchenko nomidagi Qoraqalpoq davlat pedagogika institutining fizika-matematika fakultetini tamomlagan.
Hozirgi kunda u “Aniq va tabiiy fanlar metodikasi” kafedrasida katta o‘qituvchi lavozimida faoliyat yuritmoqda. Uning umumiy pedagogik ish staji 50 yilni tashkil etadi. Faoliyati davomida 30 dan ortiq metodik qo‘llanma va tavsiyalar tayyorlagan.
“Bilim” nashriyotida 4 ta metodik qo‘llanmasi chop etilgan. Matbuotda 55 ta ilmiy-uslubiy maqolalari e’lon qilingan. 27 ta ilg‘or pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etib, ommalashtirgan.




