Bugun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi B. Iztileuov so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarni ushbu muhim sana bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, yurtimizda hurmatli Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan harbiy soha rivojiga qaratilayotgan yuksak e’tibor alohida ta’kidlab o‘tildi. Milliy armiyamiz tomonidan davlat sarhadlarimiz xavfsizligini ta’minlash, Vatanimiz tinchligi va xalqimiz osoyishtaligini asrash yo‘lida olib borilayotgan xizmatlar beqiyos ekani qayd etildi. Vatan himoyachilari bor ekan, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimizning farovonligi va totuvligi bardavom bo‘lishi ta’kidlandi. Tadbirda markaz Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi P. Saliyeva ham so‘zga chiqib, jamoa a’zolarini bayram bilan tabrikladi hamda bayram sovg‘alarini topshirdi. Shuningdek, bayramda tinglovchilar tomonidan tayyorlangan badiiy-konsert dasturi namoyish etildi. 











