Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi “Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari metodikasi” kafedrasi tomonidan 9-aprel — Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni munosabati bilan “O‘quvchi-yoshlarning huquqiy madaniyati — kelajagimiz tayanchi” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbir O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari bilan boshlandi. Tadbirni markaz direktorining akademik faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari A. Qaypnazarov ochib berdi hamda barcha ishtirokchilarni ushbu sana bilan samimiy tabrikladi. Tadbir davomida Konstitutsiyaning mazmun-mohiyatini keng yoritish maqsadida bir qator ma’ruzalar tinglandi. Qayd etilganidek, Konstitutsiya — mamlakat fuqarolarining xohish-irodasini o‘zida aks ettiruvchi, davlat hokimiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi hamda ularning asosiy prinsiplarini belgilovchi eng oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan Asosiy qonundir. Tadbir davomida tinglovchilar tomonidan sahnaviy ko‘rinish namoyish etilib, unda Konstitutsiyada mustahkamlangan inson huquq va erkinliklari badiiy talqin orqali keng yoritildi.




