Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagogik mahorat markazida ham, 1-dekabr – Qoraqalpoq tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan «Tugamas chashmasan, ona tilim» mavzusida adabiy-kompozitsion kecha o‘tkazildi. Unda Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri, f.f.n., S.Matekeev va boshqalar so‘zga chiqib, bu sana qoraqalpoq xalqi uchun aziz kun ekanini alohida ta’kidlab, ona tilimizning xalqimiz hayoti va jamiyatimiz rivojida tutgan o‘rni va ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Ta’kidlanganidek, inson uchun Vatani, ota-onasi, oilasi, shu jumladan, ona tili muqaddasdir. Shuning uchun ham, hamma vaqt til, millat, Vatan tushunchalari yonma-yon yuradi. Tilsiz jamiyat rivojlanmaydi. Ona tili millat ruhi, or-nomusi. Chunki, Davlat tili haqidagi Qonun qabul qilinishidan oldin uzoq yillar davomida tilimizning eng yaxshi sifatlarini yo‘qotib keldik. Uning bitmas-tuganmas donishmandligidan to‘liq foydalana olmadik, xalq og‘zaki ijodini unuta boshladik. Har xil tarixiy davrlar o‘z bilganicha qoraqalpoq tilining rivojlanish imkoniyatini toraytirib bordi. Ona tiliga bepisandlik, qo‘pol munosabat shu darajada kuchaydiki, ba’zi joylarda ona tilimizning orfografik qoidalarini tushunmay turib, ota-onasining qo‘ygan ismlari va familiyalarini noto‘g‘ri yozadigan bo‘ldi. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, bugungi rivojlanish davrida ayrim tillarning yo‘qolib ketish xavfi kuchaymoqda. Bu o‘z navbatida ushbu tilda so‘zlashuvchi xalqlarning yo‘qolishini anglatadi. YUNESKO vakillarining aytishicha, bir paytlar odamlar so‘zlashadigan tillar 8 mingtaga yetgan bo‘lsa, keyingi davrlarda sayyoramizda 7 mingga yaqin til bor, xolos. Ularning bir qismi yo‘qolib ketish xavfi ostida turibdi. Bu asosan sivilizatsiya tufayli madaniyatidan ajralayotgan oz sonli millatlarning tillaridir. Bu tillarning ba’zilari o‘z yozuviga ega bo‘lsa, ba’zilari undan xoli bo‘lgan. Afrika tillarida so‘zlashuvchi xalqlarning 80 foizi hanuzgacha yozuviga ega emas. Minglab tillarda ta’lim tizimida foydalanishning imkoni yo‘q. Bugungi kunda internet tilining 81 foizi ingliz tiliga to‘g‘ri kelishi aytilmoqda. To‘g‘ri, bundan oldin ham tillar paydo bo‘lib, muomalada bo‘lgan, ma’lum vaqtdan so‘ng yo‘qolib ketgan. Biroq, hozirgidek tillarning shiddat bilan yo‘qolib borayotgani insoniyatni xavotirga soladi. – «Til – madaniyatimiz ko‘zgusi,» deydi dono xalqimiz. Bizning tilimizda yaratilgandek madaniy meros hech bir xalqda yo‘q deb o‘ylayman. Og‘zaki adabiyotimizning 100 jild bo‘lib nashr etilishi buning dalili desak bo‘ladi. Bularni o‘qishning o‘rniga internet va ijtimoiy tarmoqlarda soatlab o‘tiradigan bo‘ldik. O‘qishni kamaytirishning oqibatidan tilimizning tub so‘zlarining ma’nosini tushunmaymiz. Ba’zi odamlar shunday so‘zlarni so‘zlashida qo‘llasa «boshqa tilning so‘zi emasmi?» deb ikkilanib qaraymiz. Aslida, tilimizning eng qaymoqli so‘zlari bugungi kunda qo‘llanilmayapti, desak bo‘ladi. Buning oqibatida kelajak avlod lug‘at fondida juda kam so‘zlardan foydalanib qolinadi degan xavotirdamiz. Chunki tilimizda kundalik ishlatiladigan so‘zlar safi kamaygani sari «til qashshoqligi» yuzaga kelishi mumkin. Ammo, kambag‘al til bo‘lsa, bir kun kelib yo‘qolish yoqasiga kelib qolishi mumkin,-deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi pedagogik mahorat markazi dotsenti B.Turimbetov. Qoraqalpoq tili asosan olganda juda boy til. 










