
«Korruptsiyaga qarshi kurashish – umummilliy vazifa, har bir yurtdoshimizning vijdon ishidir.» Bugungi kunda tub islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g’ov bu korruptsiyadir. Korruptsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani – bu global xavf. Korruptsiya illati tufayli jamiyatda adolatsizliklar, ijtimoiy tengsizliklar va yovuz shafqatsizliklar paydo bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ta’biri bilan aytganda, «Korruptsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga bo‘lgan ishonchiga putur etkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi.» Barchamizga ma’lumki, 2003 yilning 31 oktyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 58-sessiyasida «Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi» (8-bob, 71-modda) qabul qilindi. Shu yilning 9 dekabr kuni Meksikaning Merida shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi konferentsiyada BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasi imzolash uchun ochiq deb e’lon qilindi. Tegishli bitim imzolari olingandan keyin Konventsiya 2005 yil 14 dekabrda kuchga kirdi. Bugungi kunga qadar unga 180 ga yaqin davlat qo‘shilgan. BMT tashabbusi bilan 2004 yildan buyon har yili 9 dekabr «Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni» butun dunyoda nishonlab kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konventsiyaga 2008 yil 7 iyul kuni qo‘shildi va uning printsiplari, norma va qoidalariga qat’iy amal qilgan holda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish choralari amalga oshirilib, ushbu yovuz illatga qarshi murosasiz kurash olib borilmoqda. Mamlakatimizda 9 dekabr – Xalqaro korruptsiyaga qarshi kurashish kuni bayrami doirasida har yili keng ko‘lamli « Aksilkorruptsiya, ya’ni Korruptsiyaga qarshi oylik» o‘tkaziladi. Siyosatshunoslar ta’kidlaganidek, har bir mamlakatda islohotlarning samarali amalga oshirilishi uning rahbarining siyosiy irodasiga bog’liq. Darhaqiqat, mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi kurashish masalasiga chinakamiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev davlat rahbari bo‘lib kelgan birinchi kunlardanoq alohida e’tibor qaratildi. 2016 yil 14 oktyabrda Prezidentimizning qonunchilik tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritildi va qabul qilindi. 2017 yilning 3 yanvarida Prezidentimiz tomonidan imzolangan ushbu qonun ilgari alohida-alohida bo‘lgan huquqiy hujjatlarni o‘zida jamlagan, ushbu sohadagi qonunlarni unifikatsiya qilgan va xalqaro talablarga javob beradigan yaxlit qonun bo‘ldi. Qonunda «korruptsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari» belgilandi: Aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korruptsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish; Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korruptsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish; Korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlarini, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi printsipini ta’minlash. Shuni ham aytib o‘tish kerakki, keyingi 8-9 yilda mamlakatimizda korruptsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy, instituttsional va tashkiliy asoslarning aniq tizimi yaratildi, tegishli qonunlar qabul qilindi. Bular: «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi, «Jamoatchilik nazorati to‘g’risida»gi, «Jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g’risida»gi, «Davlat fuqarolik xizmatlari to‘g’risida»gi, «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g’risida»gi, «Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korruptsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g’risida»gi va boshqa qonunlardir. Prezidentimizning 2021 yilda nashr etilgan «Yangi O‘zbekiston strategiyasi» kitobi, barchamiz uchun dasturilamal asar bo‘ldi, desak ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Asarning 7-bobida korruptsiya mavzusiga avvalo tarix nuqtai nazaridan yondashilib, bugungi rivojlangan hayotimiz bilan bog’langani har bir odamning qalbida chuqur o‘rin olib, bu illatga toqatsizlik, nafrat tuyg’ularini uyg’otadi va albatta barchamizni yangicha fikrlashga chorlaydi. Asarda qayd etilganidek, Er yuzida davlat va jamiyat paydo bo‘lganidan buyon insoniyat poraxo‘rlik va korruptsiyani taraqqiyot va farovonlikning kushandasi deb bilgan, uni jamiyatda adolat, tenglik, sog’lom raqobat va halollik tamoyillari ustuvor bo‘lishiga to‘sqinlik qiladigan ijtimoiy illatlardan biri, deb baholab, unga qarshi kurashib yashagan. Qadimgi Bobilda (Vavilon) podsho Xamurapi qonunlariga ko‘ra, «Agar sudya ishni ko‘rib chiqib, qaror qabul qilgan va hujjatni muhrlagan bo‘lsa, so‘ngra qarorni o‘zgartirsa, unda bu sudya fosh etilishi va u ish bo‘yicha da’vo summasining o‘n ikki baravari miqdorida to‘lashi kerak bo‘lgan.» U lavozimidan chetlashtiriladi va unga kelgusida sudya lavozimini egallash taqiqlanadi. Shuningdek, Misr fir’avni (faraon) Ramzes I davrida korruptsion jinoyatlarda qo‘lga olingan har bir kishi umrining qolgan qismini qullikda o‘tkazgan. Miloddan avvalgi IV asrda Hindistonda Maurya imperiyasi davrida poraxo‘r mansabdor shaxs haqida ma’lumot bergan kishi uning musodara qilingan mulkidan bir qismini sovg’a sifatida olgan. Zardushtiylikning muqaddas kitobi Avestoda «haqqoniy hukm chiqarish, pora olmaslik, to‘g’ri guvohlik berish va to‘g’ri so‘zlash» ijobiy fazilatlar sifatida ulug’langan bo‘lsa, aksincha, «ko‘ra-bila turib adolatsizlik, nohaqlik qilgan amaldorlarning aytgan va qilgan yomon fikrlari, yomon so‘zlari va yomon amallari» qattiq qoralangan. Yunon (Gretsiya) mutafakkirlari Platon va Aristotel ham korruptsiyaning siyosiy tizimni emirishini ta’kidlaganlar. Ma’lumki, qadimgi Rimda: korruptsiya butun imperiyaning oxir-oqibat qulashining sabablaridan biriga aylangani bilan ham tarixda qolgan….Chingizxonning «Buyuk yasog’i»da (Yasa – qonun, qarorlar) korruptsiya jinoyatlari uchun so‘zsiz o‘lim jazosi ko‘rsatilgan. Tarix ko‘rsatadiki, jamiyatda xalq orzu qilgan adolatli jamiyatni barpo etish uchun korruptsiyani hatto sotqinlik bilan, poraxo‘rlarni esa etti pushtigacha sotqinlar bilan tenglashtirish, la’natlash siyosati ham qo‘llanilgan. Barcha jahon dinlari korruptsiya va poraxo‘rlikni qoralaydi. Payg’ambarimiz rivoyat qilganlar: «Alloh pora berganni ham, pora olganni ham la’natlagan»; «Boshliqlarning sovg’a va mukofotlar olishi harom»; «Biz bir ishga rahbar etib tayinlagan odam unga belgilangan mehnat haqidan ortiq mol topsa, bu u uchun harom hisoblanadi,» (deklaratsiya: mol-mulk va daromad) kabi hadislarni ajdodlarimiz o‘z hayoti va faoliyatida dasturilamal sifatida bilganlar. Temuriylar davrida ham o‘z lavozimidan noto‘g’ri foydalanish og’ir gunoh hisoblangan va qattiq jazolangan. Amir Temurning o‘g’li Mironshoh, nabiralari Pirmuhammad va Xalil Sulton ushbu me’yorlarni buzgani uchun xalq oldida jazoga tortilgan. Asarda azaldan bu illatga qarshi kurashish faqat qonunlar va aniq jazolar orqali emas, balki ma’naviy-axloqiy choralar ko‘rish, jamiyatda poraxo‘rlik va korruptsiyaga qarshi o‘ziga xos «ma’naviy immunitet»ni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratib kelingani ta’kidlanadi. Ta’kidlash joizki, Prezidentimizning 2020 yil 29 iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida»gi PF-6013-sonli Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi korruptsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining tuzilishi va Korruptsiyaga qarshi kurashish Agentligi tashkil etilishi bilan korruptsiyaga qarshi murosasiz, toqatsiz kurash yangi bosqichga ko‘tarildi. Milliy kengash korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi va hamkorligini ta’minlaydi, shuningdek, davlat dasturlarining ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini tashkil etadi. Agentlik Milliy kengashning ishchi organi hisoblanadi hamda korruptsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilishda O‘zbekiston Respublikasining milliy koordinatori vazifasini bajaradi. Agentlik korruptsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini shakllantiradi va amalga oshiradi. U har yili O‘zbekiston Respublikasida korruptsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy ma’ruza tayyorlaydi, uni Prezidentga va Oliy Majlis palatalariga kiritadi. Korruptsiyaga qarshi kurashishda xalqaro norma-qoidalarni joriy etish, shuningdek, tajribalardan foydalanish va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilish maqsadida O‘zbekiston 2010 yilda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (IHTT) Sharqiy Evropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun korruptsiyaga qarshi kurashish tarmog’ining Istanbul harakatlar rejasiga qo‘shildi va bevosita hamkorlik qilmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda korruptsiyaga qarshi boshqa xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijobiy baholanib, xalqaro reytingimiz o‘smoqda. Ulardan biri – respublikamiz vazirliklari, idoralari, muassasalari va tashkilotlarida keng joriy etilayotgan ISO 37001:2016 «Korruptsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi – Talablar va ularni qo‘llashga doir tavsiyalar» xalqaro standarti. Ushbu standart «Korruptsiyaga qarshi kurashish to‘g’risida»gi, «Davlat fuqarolik xizmatlari to‘g’risida»gi, «Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g’risida»gi va boshqa korruptsiyaga qarshi qonunlarni xalqaro tartib-taomillar asosida amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Alohida ta’kidlash joizki, hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2025 yilning 5 mart kuni «Korruptsiyaning oldini olish bo‘yicha ishlarning samaradorligi va oldindagi ustuvor vazifalar»ga bag’ishlangan Korruptsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashining kengaytirilgan majlisida ishtirok etdi. Birinchi marta bunday tarzda korruptsiyaga qarshi kurashga bag’ishlangan yig’ilishning keng ko‘lamda, qat’iy talablar bilan, strategik maqsad va vazifalar belgilab, ta’sirchan tarzda o‘tkazilishi barchamizda mas’uliyat hissini yanada kuchaytirdi. Bu xalqimiz kutgan tarixiy ahamiyatga molik yig’ilish bo‘lib, «korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash» yangi bosqichga ko‘tarildi, desak haqiqatni aytgan bo‘lamiz. Bugungi kunda mamlakatimizda korruptsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim va muhit yaratildi. Ochiqlik bo‘yicha xalqaro reytinglarda mamlakatimizning o‘rni 138 pog’onaga yaxshilanib, Markaziy Osiyoda birinchi, dunyoda 30-o‘ringa ko‘tarildi. Prezidentimiz o‘z so‘zida «Takror va takror aytaman: biz ochiqlik siyosatini, so‘z erkinligi g’oyalarini hayotga tatbiq etishda hamisha qat’iy bo‘lamiz!» – dedi. Mamlakatimizda korruptsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilish uchun eng avvalo inson omili va qog’ozbozlikni kamaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Masalan, hokim qarori bilan er ajratishdan to‘liq voz kechilib, auktsion tizimiga o‘tilgani natijasida korruptsiya «o‘chog’i»ga aylangan bu tizim xalqchil bo‘ldi. «Ochiq-oshkora qurilish» dasturi joriy etilib, bu borada ijobiy o‘zgarishlar bo‘lmoqda. «Davlat xaridlari to‘g’risida»gi Qonun qabul qilindi, tanlov va tender raqamlashtirilib, sog’lom raqobat bo‘lgani tufayli xarid qilinadigan tovarlar va xizmatlar narxi arzonlashib, o‘tgan 2024 yilda 14 trillion so‘m byudjet mablag’i iqtisod qilindi. Aholiga 100 million so‘mgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5-10 daqiqa ichida onlayn berilmoqda. Mahallalarda bank xizmat burchagi ochilib, o‘zlari odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, ijrosini nazorat qilib bormoqda. Yo‘l harakati xavfsizligi inspektorlariga bodi-kamera bilan xizmat ko‘rsatishning joriy etilishi, avtoraqamlarning auktsionda sotilishi, «qo‘l radari» va qog’oz bayonnoma tuzishning bekor qilinishi korruptsiya omillarining keskin kamayishiga olib keldi. «Xalq xizmatidagi davlat» tamoyili asosida tadbirkorlarga xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilib, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Xorijiy ishtirokdagi korxonalar qariyb 5 barobar oshib, 23 mingtaga yaqinlashdi va, eng muhimi, islohotlarimizga ishonch mustahkamlandi. Oxirgi etti yilda 120 milliard dollardan ziyod investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 barobar o‘sib, o‘tgan yili 115 milliard dollarga etgani buning yaqqol dalili va natijasi bo‘ldi. Prezidentimiz yig’ilishda aytib o‘tganidek, «Korruptsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni «halollik vaktsinasi» bilan emlashdan boshlanadi.» Darhaqiqat, bu muhim fikrlar davlatimiz rahbarining 2020 yil yanvar oyidagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida…»jamiyatimizning barcha a’zolari «Halollik vaktsinasi» bilan emlanmas ekan, o‘z oldimizga qo‘ygan yuksak marralarga erisha olmaymiz,» – degan maqsad va vazifalarimizning davomi edi. BMTning Korruptsiyaga qarshi konventsiyasining 8-moddasiga muvofiq Korruptsiyaga qarshi kurashish maqsadida har bir ishtirokchi Davlat, o‘z huquqiy tizimining asosiy tamoyillariga muvofiq, boshqa fazilatlar qatori, o‘zining ommaviy mansabdor shaxslarining pokligi, halolligi va mas’uliyatliligini rag’batlantiradi. Islohotlarimiz natijadorligi avvalo, sadoqatli, fidoyi va korruptsiyaga murosasiz, bag’rikeng yangi avlodga bevosita bog’liq. Bu ishda fikri pok yosh avlodni tarbiyalash ustuvor vazifaga aylanishi shart. Maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlarida «Tarbiya» fani doirasida o‘g’il-qizlarimizga halollik, birovning haqiga xiyonat qilmaslik kabi ezgu g’oyalarni sodda tilda tushuntirib borishimiz kerak. Milliy kengash yig’ilishida aytib o‘tilganidek, korruptsiyani engish uchun birinchi navbatda uning ortiqcha dabdaba va hashamat degan «o‘q ildizlari«ni quritishimiz shart. Afsuski, odamlar ularga tenglashaman deb, o‘zini «o‘tga-cho‘qqa» urmoqda. Ayrim rahbarlar bunday soxta qadriyatlar asiriga aylanib, noqonuniy daromad topishga intilmoqda. Shuning uchun, butun jamoatchilik birlashib, korruptsiyaga «jamiyat tanasidagi saraton» sifatida qarashimiz kerak. Haqiqatan ham ayrim oilalar ularga tenglashaman deb dabdabali to‘y o‘tkazib qarzga botib, keyinchalik etishmovchiliklar tufayli uyidagi ahillik buzilayotganlari oz emas. Korruptsiyaga qarshi murosasiz munosabatda bo‘lish muhitini yaratish, davlat va jamiyat boshqaruvida korruptsiyaviy omillarni keskin kamaytirish va bunda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish choralarini jadallashtirish bugungi kunning dolzarb masalasi bo‘lishi zarur hamda korruptsiyaga qarshi kurash umummilliy harakatga aylanishi lozim. B.Matmuratov, Qoraqalpog’iston Respublikasi Vazirlar Kengashining korruptsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘limi boshlig’i.




