Click to listen highlighted text!

Xush xabar!!! “Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati” YUNESKOning nomoddiy madaniy merosini zudlik bilan muhofaza qilish ro‘yxatiga kiritildi

10.12.2025 14:49:09 12 Баспаға шығарыў

Muhtaram Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘lgan tashrifida berilgan topshiriqlari doirasida qoraqalpoq xalqining asrlar osha yetib kelgan noyob madaniy merosini asrash, uni yangi bosqichga olib chiqish hamda jahon miqyosida keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

 

Ayniqsa, milliy musiqa madaniyatining ajralmas qismi hisoblangan qo‘biz yasash an’analari va jirovchilik san’atini zamonaviy va ilmiy-amaliy asoslarda rivojlantirish, yosh avlod ongiga chuqur singdirish, xalqaro miqyosda ommalashtirish masalalari ustuvor vazifa sifatida belgilab berilgandi.

Mazkur vazifalarni keng tatbiq etish maqsadida  Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva rahbarligida tizimli va amaliy ishlar yo‘lga qo‘yildi. Xususan, sohani rivojlantirishga qaratilgan dasturlar ishlab chiqilib, milliy-madaniy merosni asrab-avaylash, uni ilmiy o‘rganish va xalqaro maydonlarda munosib taqdim etish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.

Joriy yilning 8-13-dekabr kunlari Hindistonning Nyu-Dehli shahrida YUNESKOning nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish Hukumatlararo qo‘mitasining navbatdagi XX sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasidan taqdim qilingan “Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati” (milliy) nomzodnomasini YUNESKOning Zudlik bilan muhofaza ostiga olinishi lozim bo‘lgan nomoddiy madaniy merosi elementlari ro‘yxatiga  kiritish to‘g‘risidagi qarori bir ovozdan qabul qilindi.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan barcha sohalar qatori xalqimizning boy madaniyatidan biri bo‘lgan baxshichilik va jirovchilik san’atini yanada rivojlantirish, uning milliy madaniyatimiz va san’atimizdagi o‘rni hamda ahamiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

“Qo‘biz yasash va ijrochilik san’ati”ning YUNESKO ro‘yxatiga kiritilishi uning tarixiy, ma’naviy va madaniy qadriyat sifatidagi o‘rnining xalqaro darajada e’tirofi hisoblanadi.

Qo‘mitaning qarorida qayd etilganidek, an’anaviy epik dostonlarni ijro etishda keng qo‘llaniladigan qo‘biz asbobi muhim ijtimoiy vazifalarni bajaradi. Xususan, u jamiyatda birdamlikni mustahkamlash, madaniy merosni asrab-avaylashga xizmat qilishi ta’kidlangan.

Shuningdek, ushbu qaror jirovchilik san’atini ilmiy tadqiq etish, ustoz-shogird an’analarini asrab-avaylash, yangi o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, xalqaro hamkorlikni kengaytirishga yordam beradi.

Ushbu quvonchli voqea bilan butun xalqimiz, san’at ixlosmandlari, ustoz san’atkorlar va ushbu bebaho merosni ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab kelayotgan fidoyi insonlarni chin yurakdan qutlaymiz.

Back To Top
Skip to content Click to listen highlighted text!