Bugun Nukus shahridagi «Oqqush» majmuasida «Markaziy Osiyo pedagoglari» xalqaro forumining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zozxon Karimova hamda soha vakillari ishtirok etib, mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, o‘qituvchilar mehnatini qadrlash va ta’lim sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi pedagoglari, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va qator xalqaro tashkilotlar vakillari, Kembrij universiteti mutaxassislari, shuningdek, Pedagogik mahorat markazi direktori o‘rinbosarlari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etmoqda. Tadbir davomida ishtirokchilar ta’lim sohasida ilg‘or tajribalar almashish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni joriy etish, mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash va barqaror ta’lim tizimini rivojlantirish masalalarini muhokama qilmoqda. «Barqaror kelajak – ekologik ta’limdan boshlanadi» g‘oyasi ostida o‘tkazilayotgan mazkur xalqaro forum ta’lim sohasidagi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar almashish va pedagoglarning kasbiy salohiyatini yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.