#EDUTALK_WEEKLY Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida o‘qituvchilarning kasbiy kompetentligini oshirish va metodik salohiyatini mustahkamlash maqsadida «Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar metodikasi» kafedrasining katta o‘qituvchisi Gulshexra Allaxova tomonidan «O‘qituvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish» mavzusida amaliy seminar tashkil etildi. Seminarning asosiy maqsadi – ta’lim jarayonida zamonaviy pedagogik yondashuvlarni qo‘llash, o‘qituvchilarning kasbiy faoliyatida innovatsion fikrlashni rivojlantirish va ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdan iborat bo‘ldi. Tadbirda o‘qituvchilarning kasbiy rivojlanishini ta’minlashda ijodiy yondashuv, o‘z ustida muntazam ishlash va hamkasblar bilan tajriba almashishning ahamiyatiga alohida e’tibor qaratildi. Amaliy mashg‘ulotlar davomida ishtirokchilar pedagogik jarayonni takomillashtirish bo‘yicha turli interfaol topshiriqlarni bajardi, o‘z tajriba va takliflarini muhokama qildi. Seminar yakunida o‘qituvchilarga kasbiy faoliyatida qo‘llash uchun metodik tavsiyalar berildi.