«Boshlang‘ich, maktabgacha va maxsus ta’lim metodikalari» kafedrasi dotsenti G.Yusupova tomonidan boshlang‘ich ta’lim 1-guruh kurs tinglovchilari uchun «Sinf rahbarining sinfdan tashqari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni zamonaviy yondashuvlar orqali tashkil etish» mavzusida ochiq dars o‘tkazildi.
Darsning maqsadi – tinglovchilarning boshlang‘ich sinflarda sinfdan tashqari ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida samarali tashkil etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, ularda hamkorlik, kreativ fikrlash va tanqidiy nuqtai nazardan ishtirok etish, ularning qobiliyatlarini yanada takomillashtirishdan iborat.
Dars tinglovchilarning ruhiy kayfiyatini ko‘tarish maqsadida ertalabki tilaklar bilan boshlandi. Tinglovchilar «Kitobxonlar,» «Qahramonlar,» «Mehribonlar» va «Qadriyatchilar» kabi guruhlarga bo‘lingan holda, ularga oldindan berilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘yicha ishlanmalarini taqdim etdi.
«Kitobxonlar» guruhi – «Kitobxonlik baxtli hayot omili» mavzusida tadbirlar: «Farzandimga kitob sovg‘a qilaman» aksiyasi, «Kitobim – quyoshim!» taqdimotlari.
«Qahramonlar» guruhi – O‘zbekiston Qahramoni Alloniyoz O‘teniyozov faoliyati misolida fidoyilik va mehnat mavzusida axloqiy tarbiya.
«Mehribonlar» guruhi – 15 aprel Xalqaro oila kuni munosabati bilan «Mening otam – mening qahramonim» mavzusida suhbat.
«Qadriyatchilar» guruhi – milliy urf-odatlar haftaligi doirasida «Belda belbog‘im – boshimda do‘ppi,» «Libos inson ziynati» mavzularida chellenj.
Dars davomida tinglovchilarning o‘zaro hamkorlik, kreativlik va tanqidiy fikrlash qobiliyatlari kengaydi.