Click to listen highlighted text!

Sun’iy intellekt bo‘yicha kadrlar tayyorlash yangi bosqichga chiqadi

03.12.2025 09:29:31 15 Баспаға шығарыў

Huquqiy munosabat
So‘nggi yillarda sun’iy intellekt texnologiyalari tez sur’atlar bilan rivojlanib, nafaqat iqtisodiyot va ilm-fan, balki huquqiy munosabatlar sohasida ham yangi talab va tartiblarni shakllantirmoqda.

Davlatimiz rahbarining joriy yil 22 oktyabrdagi farmoni esa sun’iy intellekt bilan bog’liq huquqiy mexanizmlarni tartibga solish va mas’uliyatni aniqlash bo‘yicha muhim o‘zgarishlarni nazarda tutadi.

Bu farmonning asosiy maqsadi nima va u huquqiy munosabatlarga qanday ta’sir ko‘rsatadi?

Bu borada Toshkent davlat yuridik universiteti “Biznes huquqi” kafedrasi o‘qituvchisi Umida Bekmirzaeva quyidagicha tushuntirish berdi:

–Prezidentimizning “Sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g’risida”gi farmoni mamlakatimizda raqamli transformatsiya jarayonini yangi bosqichga olib chiqadigan muhim siyosiy-huquqiy hujjat bo‘ldi.

U sun’iy intellekt texnologiyalarini jadal joriy qilish, ma’muriy jarayonlarda inson omilini kamaytirish va texnologik taraqqiyotni tezlashtirishga xizmat qiladi.

Ushbu hujjat qabul qilinishi bilan sun’iy intellektni rivojlantirish borasidagi avvalgi manba 2024 yil 14 oktyabrda tasdiqlangan “Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilgacha rivojlantirish strategiyasi” bilan boshlangan islohotlar mantiqan davom etdi.

Farmon ushbu strategik yo‘nalishni aniq maqsadlar va amaliy mexanizmlar bilan mustahkamlaydi. Eng avvalo, 2026 yil oxirigacha davlat boshqaruvi, iqtisodiyot va ijtimoiy sohada kamida 100 ta sun’iy intellekt loyihasini joriy etish, 2030 yilgacha esa infratuzilmani rivojlantirish uchun 1 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalarni jalb qilish rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab maktablar va oliy ta’lim muassasalarining darsliklariga sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus mavzular kiritilishi, 2026 yilga qadar esa 15 ta sun’iy intellekt laboratoriyasi ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.

Farmonning eng muhim jihatlaridan biri sun’iy intellekt uchun mustahkam institutsional ekotizim yaratish. Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida davlat organlari, tadbirkorlar, ilmiy doiralar va chet ellik ekspertlarni birlashtiruvchi Maslahatlashuv kengashi tuziladi.

2026 yil 1 yanvardan boshlab sun’iy intellekt texnologiyalarini o‘z ichiga olgan normativ-huquqiy hujjatlar majburiy tartibda ekspertiza qilinadi. Kriptoaktivlar, elektron tijorat, sug’urta, qimmatli qog’ozlar va blokcheyn tizimlarida sun’iy intellekt joriy etish uchun ham alohida tartiblar belgilanadi. Bu, ayniqsa, bozor iqtisodiyoti mexanizmlarida sun’iy intellektning xavfsiz va mas’uliyatli qo‘llanilishini ta’minlaydi.

Farmon sun’iy intellekt bo‘yicha kadrlar tayyorlashni tubdan yangi bosqichga ko‘taradi. Maktablarda “Sun’iy intellekt kuni” joriy qilinadi, “Informatika” darsliklariga sun’iy intellekt asoslari qo‘shiladi, “Bir million sun’iy intellekt etakchilari” dasturi yo‘lga qo‘yiladi. 2026 yildan “Yangi O‘zbekiston” universiteti negizida Sun’iy intellekt klasteri tashkil etilib, ilm-fan, sanoat va xalqaro hamkorlik integratsiyalashgan holda kadrlar tayyorlanadi.

Yana bir ulkan vazifa — o‘zbek tilidagi sun’iy intellektni rivojlantirish. 2026 yil yakuniga qadar 15 milliard parametrlik “O‘zbek tili korpusi” yaratiladi va kamida 5 ta yirik til modeliga integratsiya qilinadi. Bu o‘zbek tilining raqamli makondagi mavqeini keskin oshiradigan tarixiy qadam bo‘ladi.

Umuman olganda, farmon O‘zbekistonning sun’iy intellekt siyosatini strategik darajadan amaliy bosqichga o‘tkazmoqda. U raqamli iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog’liqni saqlash, gidrologiya, transport, energetika kabi sohalarda sun’iy intellekt echimlari keng joriy qilinishini, yangi startaplar ekotizimi shakllanishi, investitsion jozibadorlikning oshishi va eng muhimi, yosh avlodning global texnologik jarayonga faol qo‘shilishini ta’minlaydi.

Gulnoza Boboeva,

O‘zA

Back To Top
Skip to content Click to listen highlighted text!