Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida umumiy o‘rta ta’lim maktablarida pedagog-kadrlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” tadbirlarini samarali tashkil etish masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi. Tadbirda Markaz direktorining Akademik faoliyat bo‘yicha o‘rinbosari Amirxon Qaypnazarov hamda metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi metodistlari ishtirok etdi. Muloqot davomida 2025–2026 o‘quv yilida, oktyabr oyidan boshlab respublika bo‘yicha 11 ta fan yo‘nalishlarida mazkur tadbirlar muntazam va samarali o‘tkazilayotgani ta’kidlandi. O‘tkazilgan tadbirlar davomida o‘qituvchilar uchun zamonaviy pedagogik va innovatsion ta’lim texnologiyalarini o‘zlashtirish, mustaqil ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ilg‘or tajribalar bilan tanishib borish uchun zarur sharoitlar yaratildi. “Ustoz-shogird” tizimi asosida hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro tajriba almashish va darslarni kuzatish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Metodistlar tomonidan o‘tkazilgan kuzatuvlar asosida refleksiv tahlillar amalga oshirilib, o‘qituvchilarning kasbiy o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tavsiyalar berildi. Maktab negizida malaka oshirish ishlari muntazam davom ettirilib, metodik yordam ko‘rsatildi. Umuman olganda, hisobot davrida kasbiy rivojlanish tadbirlari belgilangan tartibda, sifatli va tizimli ravishda tashkil etildi hamda metodistlar tomonidan doimiy nazorat qilib borilmoqda. 









