O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasining tegishli topshiriqlari hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2025-yil 28-oktyabrdagi 412-sonli buyrug‘iga muvofiq, tizimda korrupsiya holatlarining oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazida «Korrupsiyaga qarshi kurash – yorug‘ kelajagimiz poydevori» mavzusida ochiq muloqot va ochiq eshiklar kuni o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligining bosh maslahatchisi M.Xo‘jaqmedova, O‘zbekiston «Adolat» SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisining o‘rinbosari Sh.To‘reshova, markaz kafedra mudirlari, professor-o‘qituvchilar va tinglovchilar ishtirok etdi.
Tadbirni «Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar metodikasi» kafedrasi katta o‘qituvchisi Adilbay Shirazov olib bordi. Uchrashuvda ta’kidlanganidek, har qanday taraqqiyotning ildiziga bolta uradigan illatlardan biri korrupsiyadir. Mamlakatimizda bunday illatlarga qarshi kurashish, ularning oldini olish masalasiga alohida e’tibor qaratilib, bu boradagi qonunchilik bazasi ham takomillashtirilmoqda. Shu asosda fuqarolarning mas’uliyati ham oshirilmoqda.
Joriy yil 5 mart kuni davlatimiz rahbari Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishida ishtirok etib, «Korrupsiya – islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq» ekanini ta’kidlagan edi.
Tadbirda tamagirlik, pora olish va berish, muayyan sovg‘a evaziga odamlarning huquq va manfaatlariga zid harakat qilish amaldagi qonunchilik asosida taqiqlanishi, agar shunday holatlar aniqlanadigan bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka asos bo‘lishi aniq misollar bilan qayd etildi. Uchrashuvda sohalarda korrupsiya holatlariga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan huquqiy-tezkor tadbirlardan tayyorlangan videorolik ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi.









